Domen .UZ ma'muriyati va O‘zbekiston Respublikasi tovar-xomashyo birjasi domain.uzex.uz servisini ishga tushirdi.

Дата публикации: 
13.12.2024

13-dekabr 2024-yilda .UZ domeni ma'muriyati O‘zbekiston Respublika Tovar-xomashyo birjasi bilan birgalikda .UZ domen zonasidagi bo‘shayotgan domenlarni kim oshdi savdolari orqali sotish uchun domain.uzex.uz (auction.cctld.uz) xizmatini ishga tushirdi.

Endi foydalanuvchilar domenlarni adolatli va shaffof kim oshdi savdosi tizimi orqali sotib olishlari mumkin. Domenlar muddati tugaganidan keyingi Redemption period (qayta tiklash davri) bosqichidan o‘tgan holda, platformada kim oshdi savdosi uchun taqdim etiladi.

 

Kim oshdi savdosi quyidagi toifalardagi domenlarni taklif etadi:

  • Ikki harfli domenlar
  • Uch harfli domenlar
  • To‘rt harfli domenlar
  • Premium toifasi (chiroyli, esda qoladigan, tez-tez ishlatiladigan so‘zlardan iborat domenlar)

 

Premium toifasiga alohida e’tibor qaratiladi. Ushbu domenlar sun’iy intellekt yordamida tanlab olinadi. Sun’iy intellekt domen qiymatini baholashda kalit so‘zlarning mashhurligi, trendlar va dolzarblikka asoslanadi.

Kim oshdi savdosining ishga tushirilishi qisqa yoki esda qoladigan domenlarga ega bo‘lishni xohlovchi yirik kompaniyalar, startaplar va shaxslar o‘rtasidagi raqobatni kuchaytirishi va O‘zbekistonda biznes imkoniyatlarini kengaytirishi mumkin.

Maksimal shaffoflikni ta’minlash uchun kim oshdi savdosi bilan bog‘liq barcha ma’lumotlar Token.uz platformasidagi blokcheyn tarmog‘ida saqlanadi, bu esa jarayonning to‘liq himoyalanganligini va adolatli ekanligini kafolatlaydi.

Bundan tashqari, kim oshdi savdosidan tushgan mablag‘ning bir qismi xayriya loyihalariga yo‘naltiriladi, bu esa jamiyat rivojiga va O‘zbekistonda muhim ijtimoiy tashabbuslarni qo‘llab-quvvatlashga hissa qo‘shadi.